“Biz yoshlar jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshimiz!”
Abdullah Bahromov 22.10.2026 31 marta ko'rilgan

Qo‘qon universitetida yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jinoyatchilik hamda giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shahar hokimligi, Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va harbiy qismlar hamkorligida “Biz yoshlar jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda yoshlarning tinchlik va osoyishtalikni asrash, jamoat tartibini ta’minlash hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishdagi mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Quote Quote Tadbirni Qo‘qon shahar hokimi ochib berib, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, jinoyatchilik va giyohvandlikning salbiy oqibatlari, yoshlarning huquqbuzarliklardan yiroq bo‘lishi va o‘z kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishi muhimligi qayd etildi.
Tadbir doirasida Milliy gvardiya va harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Harbiylarning jangovar tayyorgarligi, jismoniy mahorati va chaqqonligi aks etgan chiqishlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnika vositalari ko‘rgazmasi tashkil etilib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Tadbirning muhim voqealaridan biri “Fidokor yoshlar” loyihasi doirasida faol ishtirok etib, jamoat tartibini saqlash va shahar osoyishtaligini ta’minlashda tashabbus ko‘rsatib kelayotgan 15 nafar yoshga Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan maxsus guvohnomalar topshirilishi bo‘ldi. Mazkur e’tirof yoshlarning ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish va ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga qaratildi.






#yangiliklar



