+(998) 73 545-55-55

"Kokand University"

Erasmus+ ICM: Serbiyaning Subotica Tech oliy taʼlim muassasasida 1 semestr davomida grant asosida oʻqish imkoniyati!

Erasmus+ ICM: Serbiyaning Subotica Tech oliy taʼlim muassasasida 1 semestr davomida grant asosida oʻqish imkoniyati!

20.10.2026

Erasmus+ ICM: Serbiyaning Subotica Tech oliy taʼlim muassasasida 1 semestr davomida grant asosida oʻqish imkoniyati!

Qoʻqon universiteti va Serbiyaning Subotica Tech – College of Applied Sciences (Visoka tehnička škola strukovnih studija) oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik doirasida talabalar almashinuv dasturi (Erasmus+ ICM) uchun arizalar qabuli boshlandi.

Ushbu dastur doirasida 2026/2027-oʻquv yilining bahorgi semestri uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj / ehtiyojmand qatlamga kiruvchi talabalar uchun maxsus qoʻshimcha moddiy koʻmak (top-up grant) bilan taʼminlangan 1 ta grant oʻrni ajratilgan.

Mavjud taʼlim yoʻnalishlari

Bakalavriat (BSc):

  • Muhandislik menejmenti (Engineering Management)

  • Mashinasozlik muhandisligi (Mechanical Engineering)

  • Informatika (Informatics)

  • Mexatronika (Mechatronics)

  • Elektr muhandisligi (Electrical Engineering)

Magistratura (MSc):

  • Axborot texnologiyalari (Information Technology)

Eslatma: Darslar toʻliq ingliz tilida olib boriladi (shuningdek, serb va venger tillarida ham mavjud). Kerakli ECTS kreditlarini toʻplash uchun talabalar turli taʼlim bosqichlari va kafedralar doirasida fanlarni tanlash imkoniyatiga ega.

Dastur afzalliklari

  • Yevropa standartlari asosida kreditlarni tan olish (ECTS tizimi);

  • Xalqaro akademik tajriba va semestr yakunida rasmiy baholar koʻchirmasi (Transcript of Records);

  • Erasmus+ dasturi tomonidan qoplanadigan oylik stipendiya va safar xarajatlari;

  • Yashash joyi (talabalar turar joyi yoki ijara) topishda, shuningdek, viza va sugʻurta masalalarida mezbon universitet tomonidan toʻliq amaliy koʻmak.

Nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va saralash bosqichlari

Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar Qoʻqon universitetining Xalqaro aloqalar boʻlimi orqali nominatsiya jarayonidan oʻtishlari shart.

Muhim sanalar:

  • Qoʻqon universiteti tomonidan nomzodlarni koʻrsatish (Nomination deadline): 2026-yil 20-dekabrgacha;

  • Subotica Tech tizimiga onlayn ariza topshirish (Application deadline): 2027-yil 15-yanvargacha.

Dastlabki bosqichda topshiriladigan maʼlumotlar:

  1. Talabaning F.I.Sh.;

  2. Taʼlim yoʻnalishi;

  3. Taʼlim bosqichi (Bakalavriat yoki Magistratura);

  4. Oʻqish muddati (bahorgi semestr);

  5. Elektron pochta manzili va telefon raqami;

  6. Ijtimoiy himoyaga muhtojlikni tasdiqlovchi hujjat (mavjud boʻlsa).

Saralangan talabalar ikkinchi bosqichda quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • Ariza shakli (Application form);

  • Oʻquv shartnomasi (Learning Agreement);

  • Baholar koʻchirmasi (Transcript of Records);

  • Xorijga chiqish pasporti nusxasi;

  • Ingliz tili darajasini tasdiqlovchi sertifikat (B2 daraja tavsiya etiladi).

Barcha arizalar toʻliq onlayn tarzda qabul qilinadi, qogʻoz shaklidagi hujjatlar talab etilmaydi.

Batafsil maʼlumot va oʻquv rejalari bilan tanishish uchun:

Murojaat uchun: Qoʻqon universiteti Xalqaro hamkorlik boʻlimi.