Deputatlar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot: qonunchilik va ta’lim rivojining dolzarb masalalari muhokama qilindi

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan.
Mazkur tashabbus doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari — Muhammadjon Valiyev va Manzura Salimova Farg‘ona viloyatiga amalga oshirayotgan xizmat safari davomida Qo‘qon universitetida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Muloqot jarayonida mamlakatimizda qabul qilinayotgan yangi qonunlar, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda yoshlar kelajagini ta’minlashdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlovchi huquqiy asoslar yuzasidan ham muhim fikrlar bildirildi.
Xususan, joriy yilning 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan yoshlar bilan uchrashuvning mazmuni, unda ilgari surilgan tashabbuslar hamda ta’lim tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Shu bilan birga, qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar asosida talabalar uchun yaratilayotgan imtiyozlar, grantlar va xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish mexanizmlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Ayniqsa, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash masalasi muhokamaning dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi. Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularni amaliyot o‘rinlari va ish beruvchilar bilan uzviy bog‘lash orqali mehnat bozoriga samarali integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga deputatlardan bevosita javob oldilar. Faol va iqtidorli yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.






