GreenCamUz xalqaro loyihasining ochilish uchrashuvlari boshlandi

Joriy yilning 25–27-mart kunlari Qo‘qon universiteti koordinator sifatida ishtirok etayotgan Erasmus+ CBHE dasturi doirasidagi GreenCamUz — “Green Campus Initiative: Integrating Sustainability into Higher Education in Uzbekistan” xalqaro loyihasining ochilish uchrashuvlari Toshkent shahridagi uchta oliy ta’lim tashkilotida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbirlarni tashkil etish maqsadida Qo‘qon universiteti loyiha vakillari avvaldan Toshkent shahriga jo‘nab ketgan edi. Bugun esa Tashkent International Universityda loyiha doirasidagi tadbirlarning birinchi ochilish kuni hamda taqdimotlar jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Qo‘qon universitetidan loyiha vakillari — U. Mamadaliyev, Z. Isakova hamda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor J. Kambarov faol ishtirok etmoqda.
Tadbirning dastlabki qismida loyiha doirasida hamkorlik qilayotgan qator tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, mamlakatimizda tabiatni asrash, hududlarni yashillashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan siyosat hamda bu yo‘nalishdagi muhim tashabbuslar haqida fikr bildirdilar.
Shuningdek, Qo‘qon universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori J. Kambarov ham so‘zga chiqib, tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy mehmonlarga, shuningdek, mezbon universitet jamoasiga Qo‘qon universiteti nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi. U o‘z nutqida loyiha mazmuni, uning dolzarbligi hamda oliy ta’lim tizimida barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etishdagi ahamiyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Bundan tashqari, Qo‘qon universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i hamda loyiha koordinatori U. Mamadaliyev tadbir davomida so‘z olib, loyiha doirasida tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga GreenCamUz loyihasining umumiy mazmuni, asosiy maqsadlari va kutilayotgan natijalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.







