Ibrohim Haqqul saboqlari - ilmiy-ma’rifiy an’ana davom etmoqda

Qo‘qon universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Qo‘qon universiteti hamkorligida “Ibrohim Haqqul saboqlari” IV an’anaviy ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman yetuk navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul tavalludining 77 yilligiga bag‘ishlandi.
Anjumanda mamlakatimizning turli ilmiy muassasalari, oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida mumtoz va zamonaviy adabiyotning dolzarb masalalari, adabiyotshunoslik sohasidagi yutuqlar va mavjud muammolar keng muhokama qilindi.
Shuningdek, Ibrohim Haqqulning ilmiy faoliyati, uning o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda boy ilmiy-ijodiy merosi yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan olimning ilmiy maktabi, uning tadqiqot metodologiyasi va adabiy tafakkur rivojiga ta’siri alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida “Ibrohim Haqqul saboqlari” anjumani ilmiy-ma’rifiy an’anani davom ettirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy adabiyotshunoslikni rivojlantirish yo‘lida muhim platforma ekani ta’kidlandi.






