“Nizomiy va Navoiyning adabiy merosi: badiiy timsol va inson falsafasi uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

Qo‘qon universitetida “Nizomiy va Navoiyning adabiy merosi: badiiy timsol va inson falsafasi uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman Sharq mumtoz adabiyotining ikki buyuk siymosi — Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligi hamda Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi Nizomiy va Navoiy ijodidagi badiiy tafakkur, komil inson g‘oyasi, ma’naviyat, ishq va ijtimoiy-falsafiy qarashlarni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish, shuningdek, olimlar o‘rtasida ilmiy tajriba almashuvini kuchaytirishdan iboratdir.
Tadbirda Xitoy, Braziliya, AQSh, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda boshqa davlatlarni o‘z ichiga olgan 15 dan ortiq mamlakatlardan yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va yosh ilmiy izlanuvchilar ishtirok etmoqda.
Konferensiya quyidagi sho‘balar bo‘yicha o‘tkazilmoqda:
— Nizomiy va Navoiy ijodida badiiy timsollar;
— Inson falsafasi va komillik g‘oyasi;
— Qiyosiy adabiyotshunoslik muammolari;
— Ijtimoiy-falsafiy qarashlar;
— Jahon adabiyoti kontekstida Nizomiy va Navoiy merosi.
Anjumanga 100 dan ortiq ilmiy maqolalar taqdim etilgan bo‘lib, ular hozirda ilmiy mezonlar asosida saralanmoqda. Konferensiya yakunida eng faol ishtirokchilar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlanadi, shuningdek, saralangan maqolalar Google Scholar bazasida indekslanadi.







