Qo‘qon universiteti va Xitoyning Lanzhou universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Qo‘qon universiteti va Xitoyning Lanzhou universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda 2025-yil iyul oyida Lanzhou universitetida Qo‘qon universiteti delegatsiyasi ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Lanzhou universiteti Xalqaro hamkorlik va almashinuvi ofisi direktori Dr. Gang Chi, Yozgi maktab koordinatori Wang Shan xonim va Qo‘qon universiteti vakillari o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, endilikda Qo‘qon universiteti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari har yili Lanzhou universitetida o‘tkaziladigan xalqaro yozgi maktabda ishtirok etishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar shuningdek, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Anglashuv memorandumi (MoU) imzolash masalasida kelishib oldilar. Bu hujjat ikki universitet o‘rtasidagi doimiy akademik almashuv va ilmiy loyihalarni kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Italiya Respublikasining Padua universiteti vitse-prezidenti Professor Massimiliano Zattini Qo‘qon universiteti professor-o‘qituvchilariga “Yer osti resurslarini boshqarish va ulardan samarali foydalanish” fanidan qiziqarli va foydali ma’ruza o‘qib berdi. Mazkur tashrif va uchrashuvlar xalqaro ta’lim maydonidagi aloqalarni mustahkamlash, innovatsion tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish va talaba-professorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qilmoqda.



