Qo‘qon universitetida “Qutadg‘u bilig”ga bag‘ishlangan davra suhbati

Qo‘qon universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son qarori ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida ma’rifat va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri bugun universitetning Axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tdi. Unda XI asrning nodir ma’naviy merosi hisoblangan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostoni va uning ma’rifiy ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur davra suhbatida Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishi talabalari faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida asarda ilgari surilgan ijtimoiy-siyosiy, axloqiy va falsafiy qarashlar, ilm-ma’rifatni ulug‘lash, til odobi, kasb egalari fazilatlari, farzand tarbiyasi, salomlashish va mehmon kutish odobi kabi umuminsoniy g‘oyalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, talabalar asarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, muhim xulosalarga kelishdi. Uchrashuv davomida ular dostondan yod olgan parchalarni mahorat bilan ijro etib, tadbirning mazmunan boy va ta’sirchan o‘tishiga munosib hissa qo‘shdilar.






