Qashshoqlikka barham berish
Qo‘qon universiteti barqaror rivojlanish tamoyillariga amal qilgan holda, hududda iqtisodiy farovonlikni oshirish va ijtimoiy tenglikni ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda.
Universitetda amalga oshirilayotgan ekologik va energiya sohasidagi loyihalar nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki aholining turmush darajasini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda.
Avvalo, universitet hududida o‘rnatilgan 1,6 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va biodizel yoqilg‘isida ishlovchi CCHP qurilmasi orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada kamaydi.
Energiya tejamkor tizimlar natijasida tejab qolinayotgan mablag‘lar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlariga, jumladan, talabalarga ajratiladigan stipendiyalar va grantlarga yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, universitetning asosiy issiqlik manbai bo‘lgan biomassali vakuum qozonlarida qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan yoqilg‘i sifatida foydalanish mahalliy fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratmoqda.
Bu esa mintaqada yangi ish o‘rinlarini ochib, aholining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Universitetda barqaror energiya, ekologiya va yashil texnologiyalar yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar talabalar va yosh mutaxassislar uchun yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini bermoqda.
Natijada, ularning bandlik salohiyati oshib, qashshoqlikni kamaytirishga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani kuzatilmoqda.
Umuman olganda, Qo‘qon universitetining barqaror energiya tizimlarini joriy etish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish va ta’lim orqali imkoniyatlarni kengaytirish borasidagi faoliyati hududda qashshoqlikka barham berish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Otabek Mamajonov | KU
Sep 03, 2025

