Yo‘nalish haqida
Maxsus pedagogika ta’lim yo‘nalishi alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarni o‘qitish, tarbiyalash, rivojlantirish, ijtimoiy moslashtirish, pedagogik diagnostika qilish hamda korreksion-reabilitatsion yordam ko‘rsatishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturdir. Ta’lim yo‘nalishi doirasida logopediya, surdopedagogika, oligofrenopedagogika, tiflopedagogika va surdotarjimonlik faoliyati kabi ixtisoslashuvlar nazarda tutilgan. Talabalar tanlangan yo‘nalishga muvofiq nutq buzilishlarini aniqlash va korreksiyalash, kar va zaif eshituvchi bolalar bilan ishlash, aqliy rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan bolalarni o‘qitish, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslar uchun maxsus ta’limni tashkil etish hamda imo-ishora tilida professional tarjima qilish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallaydilar. Bitiruvchilar ta’lim oluvchilarning individual ehtiyojlarini aniqlash, maxsus diagnostika vositalarini tanlash, individual korreksion-rivojlantiruvchi dasturlar ishlab chiqish, ta’lim natijalarini monitoring qilish, xavfsiz va inklyuziv muhit yaratish hamda ota-onalar, psixologlar, shifokorlar va boshqa mutaxassislar bilan hamkorlik qilish kompetensiyalariga ega bo‘ladilar. Ularning kasbiy faoliyati pedagogik, diagnostik-reabilitatsion, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy-boshqaruv yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bitiruvchilar umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, inklyuziv sinflar, maxsus maktab va maktab-internatlar, reabilitatsiya markazlari, “Muruvvat” va “Mehribonlik” uylari, “Mehrli maktab”lar, ijtimoiy himoya muassasalari hamda nodavlat ta’lim markazlarida maxsus pedagog, logoped, surdopedagog, oligofrenopedagog, tiflopedagog, tarbiyachi, tyutor yoki surdotarjimon sifatida ishlashlari mumkin.
