Yo‘nalish haqida
Xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi xorijiy tillarni mukammal egallagan, ularni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o‘qita oladigan, tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha puxta nazariy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega malakali pedagoglarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturdir. Ta’lim dasturi doirasida talabalar ingliz, nemis, koreys yoki fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha ixtisoslashishlari mumkin. O‘quv jarayonida o‘qish va yozuv amaliyoti, nutq ko‘nikmalari integratsiyasi, til aspektlari amaliyoti, xorijiy tilni o‘qitish metodikasi, tarjima nazariyasi va amaliyoti, stilistika, nazariy tilshunoslik, xorijiy adabiyot tarixi, ikkinchi xorijiy til, mediasavodxonlik, ta’limda baholash, inklyuziv ta’lim va gospital pedagogika kabi fanlar o‘qitiladi. Tanlangan tilga qarab bitiruvchilarga ingliz, nemis, koreys yoki fransuz tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi kvalifikatsiyasi beriladi. Kasbiy faoliyat pedagogik, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy, tashkiliy-boshqaruv, axborot-kommunikatsiya va raqamli til xizmatlari yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bitiruvchilar umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalarida xorijiy til o‘qituvchisi, tyutor yoki kabinet mudiri, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlarda tarjimon, gid-tarjimon, maslahatchi, menejer, ekskursovod, jurnalist va publitsist sifatida faoliyat yuritishlari mumkin.
