Yo‘nalish haqida
Filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishi til, adabiyot, tarjima, pedagogika va madaniyatlararo muloqot sohalari bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lgan filolog-pedagoglarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturdir. Ta’lim jarayonida talabalar tilshunoslik, adabiyotshunoslik, og‘zaki nutq, o‘qish va yozuv amaliyoti, grammatika va fonetika, mamlakatshunoslik, tarjima nazariyasi va amaliyoti, matnshunoslik, manbashunoslik, qiyosiy tilshunoslik, pedagogika, psixologiya hamda tillarni o‘qitish metodikasini o‘zlashtiradilar. O‘quv dasturida asosiy til bilan bir qatorda ikkinchi xorijiy tilni o‘rganish, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan foydalanish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borishga alohida e’tibor qaratiladi. Bitiruvchilar o‘rganilgan tilning fonetik, leksik, grammatik va uslubiy xususiyatlarini tahlil qilish, og‘zaki hamda yozma nutqni to‘g‘ri tashkil etish, badiiy va ilmiy matnlarni sharhlash, o‘quv-metodik materiallar tayyorlash, zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida dars o‘tish va turli yo‘nalishlarda tarjima qilish kompetensiyalariga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ularda lingvistik, ijtimoiy-lingvistik, diskursiv, strategik, ijtimoiy-madaniy va kommunikativ kompetensiyalar shakllantiriladi. Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va nodavlat ta’lim tashkilotlarida pedagog, davlat va xalqaro tashkilotlarda tarjimon, ommaviy axborot vositalarida muxbir yoki muharrir, nashriyotlarda musahhih va adabiy xodim, turizm tashkilotlarida gid-tarjimon, menejer hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritishlari mumkin. Kasbiy faoliyat pedagogik, tarjimonlik, tashkiliy-boshqaruv, noshirlik, muharrirlik, ilmiy-tadqiqot va konsalting yo‘nalishlarini qamrab oladi.
