Yo‘nalish haqida
Kompyuter injiniringi ta’lim yo‘nalishi zamonaviy kompyuter tizimlari, dasturiy va apparat vositalari, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari, sun’iy intellekt, multimedia texnologiyalari hamda axborot xavfsizligi sohalarida faoliyat yurita oladigan malakali muhandislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturdir. Ta’lim yo‘nalishi kompyuter tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish, joriy etish va ulardan foydalanish, dasturiy mahsulotlar yaratish, mikroprotsessorli tizimlarni boshqarish, axborotni qayta ishlash, saqlash va uzatish, raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlariga tatbiq etish bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarni qamrab oladi. Talabalar kompyuter arxitekturasi, dasturlash, ma’lumotlar bazalari, operatsion tizimlar, kompyuter tarmoqlari, elektronika, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, ehtimollik va statistika, signal va tasvirlarga ishlov berish kabi yo‘nalishlarda chuqur bilim oladilar. Bitiruvchilar axborot texnologiyalari kompaniyalari, dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar, telekommunikatsiya tashkilotlari, bank va moliya muassasalarining IT bo‘limlari, davlat boshqaruvi organlari, sanoat korxonalari, ma’lumotlar markazlari, kiberxavfsizlik xizmatlari, multimedia studiyalari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida dasturchi, tizim muhandisi, tarmoq administratori, axborot xavfsizligi mutaxassisi, ma’lumotlar tahlilchisi va loyiha mutaxassisi sifatida faoliyat yuritishlari mumkin.
