Yo‘nalish haqida
Kiberxavfsizlik injiniringi ta’lim yo‘nalishi axborot tizimlari, kompyuter tarmoqlari, dasturiy-apparat majmualari va raqamli infratuzilmaning xavfsizligini ta’minlay oladigan yuqori malakali muhandislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturdir. Bitiruvchilar tashkilotlarning axborot xavfsizligi holatini monitoring qilish, kiberxavfsizlikka oid tahdidlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, kompyuter va telekommunikatsiya tizimlarini himoyalash hamda xavfsizlik siyosatini shakllantirish kompetensiyalariga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular kiberxavfsizlik tizimlarini loyihalash va amaliyotga joriy etish, dasturiy-apparat vositalarini sinovdan o‘tkazish, axborot tizimlarining zaifliklarini aniqlash, xavfsizlik hodisalarini tekshirish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kasbiy vazifalarni bajarishga tayyorlanadi. Yo‘nalish bitiruvchilarining kasbiy faoliyati ishlab chiqarish, foydalanish va servis xizmati ko‘rsatish, tashkiliy-boshqaruv, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy hamda loyihaviy-konstruktorlik yo‘nalishlarini qamrab oladi. Ular davlat boshqaruvi organlari, banklar, telekommunikatsiya kompaniyalari, IT korxonalari, sanoat tashkilotlari, axborot xavfsizligi markazlari, ma’lumotlar markazlari va konsalting kompaniyalarida kiberxavfsizlik muhandisi, axborot xavfsizligi mutaxassisi, tarmoq xavfsizligi administratori, xavfsizlik tahlilchisi, raqamli kriminalistika mutaxassisi yoki xavfsizlik auditori sifatida faoliyat yuritishlari mumkin.
