Yo‘nalish haqida
Lingvistika magistratura mutaxassisligi tilshunoslik fanining nazariy va amaliy yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur bilimga ega, zamonaviy lingvistik tadqiqot metodlarini qo‘llay oladigan, ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga, tarjima, tahrir, ilmiy izlanish hamda ta’lim jarayonini tashkil etishga qodir yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan. Ta’lim dasturi zamonaviy lingvistika, kognitiv lingvistika, matn lingvistikasi, lingvokulturologiya, lingvopragmatika, psixolingvistika, pragmalingvistika, diskurs tahlili, tarjimashunoslik hamda xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi kabi yo‘nalishlarni chuqur o‘rganishga qaratilgan. Magistrantlar ilmiy tadqiqot metodologiyasi, maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi, zamonaviy tilshunoslik nazariyalari, lingvistik tahlil usullari hamda ilmiy faoliyatga yo‘naltirilgan xorijiy til bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallaydilar. O‘quv jarayonida nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik amaliyot bilan uzviy bog‘langan holda tashkil etiladi. Magistratura bitiruvchilari uzluksiz ta’lim tizimining davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib borish, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarida ilmiy izlanishlar olib borish, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy va xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, tarjima markazlari, konsalting tashkilotlari hamda boshqa davlat va nodavlat muassasalarida mutaxassis sifatida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular tarjimon, muharrir, ilmiy xodim, pedagog-tadqiqotchi va tilshunos mutaxassis sifatida kasbiy faoliyat olib borishlari mumkin. Ta’lim dasturi magistrantlarda ilmiy-tadqiqot, pedagogik, tarjima va tahrir, tashkiliy-boshqaruv hamda konsalting faoliyati bo‘yicha professional kompetensiyalarni shakllantirishni nazarda tutadi. Bitiruvchilar ilmiy maqolalar va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlash, lingvistik tadqiqotlarni rejalashtirish va amalga oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda elektron ta’lim vositalaridan samarali foydalanish, xorijiy tillarda ilmiy va kasbiy muloqotni amalga oshirish, matnlarni lingvistik, pragmatik, stilistik va diskursiv jihatdan tahlil qilish, shuningdek, madaniyatlararo kommunikatsiya jarayonlarini ilmiy asosda baholash ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.
