GreenCamUz xalqaro loyihasining ikkinchi kuni samarali o‘tkazildi

2026-yil 26-mart kuni Qo‘qon universiteti koordinator sifatida ishtirok etayotgan Erasmus+ CBHE dasturi doirasidagi GreenCamUz — “Green Campus Initiative: Integrating Sustainability into Higher Education in Uzbekistan” xalqaro loyihasining ochilish uchrashuvlarining ikkinchi kuni Toshkent shahridagi Green universitetida yuqori saviyada davom ettirildi.
Uchrashuvni Green universiteti rektori, professor Baxtiyor Po‘latov ochib berib, loyihaning ahamiyati hamda universitetda tabiatni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, mehmonlar uchun universitet hududi bo‘ylab qisqa tanishtiruv tashkil etildi.
Tadbirning asosiy qismi loyiha mahalliy koordinatori, Qo‘qon universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i U. Mamadaliev tomonidan olib borildi. Unda ishtirokchilar ikkinchi kun uchun rejalashtirilgan taqdimotlarini namoyish etdilar.
Tadbir yuqori kayfiyatda, do‘stona muhitda va samarali muhokamalarga boy tarzda o‘tdi. Jarayon davomida loyiha ishtirokchisi, Qo‘qon universiteti Jahon tillari kafedrasi dotsenti Z. Isaqova tashkiliy va axborot almashinuvi ishlarini amalga oshirib, mehmonlarga hamrohlik qildi.
Shu tariqa, Erasmus+ CBHE dasturi doirasidagi GreenCamUz xalqaro loyihasining ikkinchi kun tadbirlari muvaffaqiyatli yakunlandi.






