✍️ Qo‘qon universitetida xalqaro o‘quv seminari start oldi
Qo‘qon universitetida Birlashgan Millatlar Taʼlim, Bilim va Madaniyat Tashkiloti - UNESCO, Indoneziyaning Gunadarma va Indoneziya universitetlari, Turizm va madaniy meros vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida xalqaro o‘quv seminari faoliyat boshladi.
"Barqaror rivojlanish 4-maqsadini targ‘ib qilish va muvofiqlashtirishda sun'iy idrok" mavzusidagi o‘quv seminarida Indoneziya va viloyatimizning qator universitetlari mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etmoqdalar.
O‘quv seminarining ochilishida Qo‘qon universiteti rektori v.b G‘afurjon Zaxidov, Farg‘ona viloyati hokimining Turizm va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ahmedovlar insoniyatga ko‘mak berish uchun yaratilgan sun'iy intellektni barcha sohalar, xususan ta'lim tizimiga keng tatbiq etishning ahamiyatiga to‘xtaldilar va seminar ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Seminarda Indoneziyaning Gunadarma universiteti professori, D.r I Made Wiryana "O‘zbekiston ta’limini sun’iy intellekt davriga tayyorlash" mavzusida ma'ruza qilmoqda.
O‘quv seminari davom etmoqda.
Ma'lumot uchun, 2030-yilgacha barqaror rivojlanish milliy tamoyil va vazifalarining 4-maqsadida umumqamrovli va adolatli sifatli ta'limni ta'minlash hamda barchaning butun umri davomida ta'lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Bugungi o‘quv seminar ushbu muhim maqsadni amalga oshirish, sun'iy intellekt imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.