Qo‘qon universitetining 2021-2022 o‘quv yilidagi faoliyati sarhisobi va yangi o‘quv yilida jamoa oldida turgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
Qo‘qon universitetining 2021-2022 o‘quv yilidagi faoliyati sarhisobi va yangi o‘quv yilida jamoa oldida turgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Farg‘ona viloyat va Qo‘qon shahar hokimliklari, shahar sektorlari boshliqlari, viloyat va shahar Maktabgacha ta'lim va Xalq ta'limi boshqarma hamda bo‘limlari vakillari, ta'lim muassasalari rahbarlari, shahar nuroniylari va ziyolilari keng jamoatchilik, universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda Qo‘qon universiteti rektori Sherzod Mustafakulov o‘tgan 2021-2022 o‘quv yili davomida ilmiy salohiyat va ta’lim sifatini oshirish, modernizatsiyalash, innovatsiyalarni keng tatbiq etish, ta’limni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, o‘quv jarayonini ish beruvchi talablariga moslashtirish hamda talabalarning o‘z ustida ishlashi uchun qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilganini ta'kidladi.
Videolavha namoyish etilib, Qo‘qon universiteti jamoasining erishgan yutuqlari, istiqbolli xalqaro hamkorlik aloqalari, ilmiy-akademik ko‘rsatkichlar, nufuzli delegatsiyalarning muhim tashriflari, yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi ibratli tashabbuslar, universitetda amalga oshirilgan ishlarga nazar solindi.
Yig‘ilishda o‘tgan o‘quv yilida samarali faoliyat olib borgan, o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqotlar sohasida natijalarni qo‘lga kiritgan professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarning yutuqlari e'tirof etilib, taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-338-sonli qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash borasida universitet jamoasi oldida turgan vazifalar xususida so‘z bordi.
Yig‘ilishda Universitetning Akademik ishlar bo‘yicha prorektori G‘afurjon Zaxidov tomonidan Qo‘qon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafakulovning Toshkent shahrida Finlyandiya modeli asosida ish boshlayotgan Xalqaro Nordik Universiteti rektori etib tayinlanganligini o‘qib eshittirdi.
Qo‘qon shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov, Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzulla Qosimov, Qo‘qon shahar prokurori Ulug‘bek Hamdamov, viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Yulduzxon Xo‘jayeva, viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimovlar so‘zga chiqib, Qo‘qon universitetida rektor Sherzod Mustafakulov boshchiligida amalga oshirilgan qator ezgu ishlar, ibratli tashabbuslarni sanab o‘tdilar.
Yig‘ilishda Qo‘qon universiteti va Xalqaro Nordik universitetlari faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi. Sherzod Mustafakulov shahar hokimligining Tashakkurnomasi bilan taqdirlandi, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, shahar nuroniylari va universitet jamoasi vakillari so‘z olib, Sherzod Mustafakulovga o‘z minnatdiorchiliklari va samimiy tilaklarini bildirdilar.
Yig‘ilishda Qo‘qon universiteti va Xalqaro Nordik universitetlari o‘zaro hamkorlikda qator strategik maqsad va vazifalarni amalga oshirishlari ma'lum qilindi.