Qo‘qon universiteti - Finlyandiya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengaymoqda
O‘zbekiston ta'lim tizimi Finlyandiya bilan istiqbolli hamkorlikda yanada rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Qo‘qon universitetida Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e'tibor qaratilyapti. Shuningdek, har ikki mamlakat ta'lim tizimi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan ta'lim forumi va xalqaro onlayn uchrashuvlarda belgilangan vazifalar doirasida Finlyandiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalari kengaytirilyapti.
Ushbu maqsadda Qo‘qon universitetida finlyandiyalik o‘qituvchi o‘z faoliyatini boshladi. "Lite Lion Europe OU" xalqaro kompaniyasida 20 yillik boshqaruvchilik va Finlyandiyaning HAMK universitetida pedagoglik ish tajribasiga ega Nadja Golubenko 1 yil davomida talabalarga fin tilini o‘rgatadi va biznes darslaridan saboq beradi.
Qo‘qon universiteti va Kareliya amaliy fanlar universiteti o‘rtasidagi anglashuv memorandumiga muvofiq, 2021-2022 o‘quv yili (yanvar oyi)dan Biznesni boshqarish ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha bir guruh talabalarimiz Finlyandiyaga o‘qishga yuboriladilar. Seleksiya amalga oshirilib, tanlab olingan talabalarga 12-noyabrdan fin tilidan dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilmoqda.