Qo‘qon Universitetida 1-bosqich talabalari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Qo‘qon universitetida 1-bosqich talabalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda universitet direktori G‘afurjon Zaxidov, prorektorlar, fakultet dekanlari hamda Turizm va iqtisodiyot fakulteti talabalari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida talabalarning bilim olish jarayoniga bo‘lgan munosabati, mustaqil ta’lim olish odatlari, qo‘shimcha bilimlarga ega bo‘lish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, universitetda mavjud bo‘lgan turli yo‘nalishlardagi to‘garaklardan samarali foydalanish zarurligi keng targ‘ib etildi.
Xorijiy mamlakatlarda ta’limni davom ettirish istagida bo‘lgan talabalar uchun til o‘rganish muhimligi, fanlarni chuqur o‘zlashtirish va yuqori natijalarga erishish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Universitet rahbariyati bu borada talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Ochiq muloqot talabalar uchun nafaqat foydali maslahatlar olish, balki o‘z fikrlarini bayon etish va universitetning ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bildirish imkoniyatini yaratdi. Bunday uchrashuvlar muntazam ravishda tashkil etilib, talabalarning intellektual va kasbiy rivojlanishiga xizmat qiladi.