Bobur tavallud ayyomi munosabati bilan navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi!
Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud ayyomi munosabati bilan ijtimoiy fanlar kafedrasi va ta’lim fakulteti tomonidan ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Z. Qobilova, Ta’lim fakulteti dekani M.Najmiddinov, Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri S. Yuldashev va qator professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda adabiyot hamda tarix ishqibozlari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, ularning tarixiy va adabiy ahamiyatini yosh avlod ongiga singdirish hamda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbir "Bobur merosi – milliy g‘urur timsoli" mavzusi ostida bo‘lib, uning doirasida Boburning hayoti, ijodi va tarixda tutgan o‘rni haqida ma’ruzalar qilindi. Shuningdek, talabalar ijrosida shoirning g‘azallari ifodali oʻqib berildi va sahnaviy koʻrinishlar namoyish etildi.
Ayniqsa, ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Umurzakova Kommuna rahbarligidagi psixologiya va xorijiy tillar yo‘nalishi talabalari tomonidan tayyorlangan Boburning bolalik davri va unga ism qo‘yish marosimi haqidagi sahna ko‘rinishi ishtirokchilarda ulkan taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida viktorina o‘tkazilib, ishtirokchilar Bobur hayoti va ijodi bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Shuningdek, tadbir yakunida iqtidorli talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.