Qo‘qon universiteti — Turkiya sayyohlari nigohida
Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurgan har bir mehmon uchun Qo‘qon shahri nafaqat tarixiy obidalar, balki ilm-ma’rifat maskanlari bilan ham alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, Turkiya Respublikasidan Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurgan sayyohlar uchun Qo‘qon universitetiga ziyorat — o‘zgacha an’anaga aylanmoqda.
🌍 Farg‘ona viloyati Turizm boshqarmasi rahbarligida, professor, doktor, tarjimon kabi nufuzli kasb egalari — Turkiya sayyohlar guruhi Qo‘qon universitetida bo‘lishdi. Tashrif chog‘ida mehmonlar Turizm va iqtisodiyot fakulteti binosida bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy infratuzilma bilan tanishdilar.
🏛 Universitet muzeyini ziyorat qilgan turk mehmonlari, o‘z ona yurti ildizlarini his qilganini ta’kidlab, bu maskanni “haqiqiy ota diyor” sifatida qadrlashlarini ifoda etdilar. Shuningdek, ularga turizm binosi va tarixiy Tepaqo‘rg‘on haqidagi to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi.
📚 Tashrif nihoyasida mehmonlar universitet kutubxonasi boyligiga o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida bir nechta turk adabiyotlarini sovg‘a qilib, bu ilmiy hamkorlik bardavom bo‘lishiga tilak bildirdilar.