Taraqqiyot yo‘lida – ta’lim islohotlarining izchil davomchisi sifatida
Taraqqiyot yo‘lida – ta’lim islohotlarining izchil davomchisi sifatida
Bugungi kunda ta’lim tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar O‘zbekistonda uchinchi Renessans poydevorini yaratishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar endi o‘zining eng murakkab va shu bilan birga, eng muhim – sifat bosqichiga kirib keldi. Ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan har bir pedagog, har bir fidoyi mutaxassis uchun bu davr nafaqat sinov, balki sharafli tarixiy mas’uliyat davridir.
2025-yil 15-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi – ana shu tarixiy jarayonlarning mantiqiy davomi va mustahkam poydevoridir. Mazkur yig‘ilishda maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, ularning istiqboldagi yo‘nalishlari keng va atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda ilgari surilgan taklif va topshiriqlar mamlakatimiz ta’lim tizimida tub burilish yasovchi muhim strategik qarorlar asosini tashkil etmoqda.
Xususan, ta’lim tizimining barcha bosqichlari uchun Prezident tomonidan belgilangan aniq maqsadlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari mutasaddi rahbarlarga tushunarli va qat’iy tarzda yetkazildi. Bu jarayonda o‘qituvchi va tarbiyachilarning moddiy va kasbiy maqomini oshirish, yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimizning har bir islohoti – avvalo, yosh avlodga bo‘lgan e’tibor, ilm-fanga asoslangan jamiyat barpo etish yo‘lidagi qat’iy irodaning yaqqol namunasidir. Ayniqsa, pedagogik oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xorijiy tajriba almashinuvi tizimini joriy etish kabi tashabbuslar universitetlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Endilikda biz nafaqat ta’lim beramiz, balki xalqaro darajada raqobatbardosh ustozlarni yetishtirish majburiyatini ham zimmmamizga olamiz.
Shu maqsadda, pedagogika yo‘nalishidagi talabalar uchun haftalik yuklamani 36 soatdan 24 soatga qisqartirish, dual ta’lim tizimini rivojlantirish, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlashda xususiy oliy ta’lim muassasalarini ham jalb etish, ta’lim sifatini tashqi baholash tizimini takomillashtirish kabi tashabbuslar kelajakda kuchli pedagog kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlar bo‘ladi.
Qo‘qon universiteti jamoasi Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan mazkur islohotlarni amalda ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etish, ularni chuqur anglash va ularga munosib hissa qo‘shishni o‘zining ustuvor vazifasi, deb biladi.
Selektor yig‘ilishida ta’limni xalqaro andozalarga moslashtirish, fanlar sonini maqbullashtirish, 11 yillikdan 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish kabi masalalar ham muhokama qilinib, pedagog kadrlar tayyorlashda xususiy OTMlar zimmasiga ham katta vazifalar yuklatildi. Bu biz – Qo‘qon universiteti jamoasidan ham yuqori saviyadagi tashkilotchilik, ilmiy yondashuv va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishni talab etadi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Dolzarb 90 kun” tashabbusi universitetimiz jamoasi tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi. Ayni paytda ushbu tashabbus doirasida sport, ma’naviy-ma’rifiy to‘garaklar, treninglar, kasbga yo‘naltiruvchi mahorat darslarini tashkil etish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. Talabalarni qamrab olishda faollikni oshirish, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq reja va dasturlar belgilab olindi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ilmli, vatanparvar, tanqidiy va kreativ fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash – bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir. Qo‘qon universiteti ushbu ezgu yo‘lda har doim oldingi safda bo‘lishga tayyor.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur selektor yig‘ilishi va uning asosida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar O‘zbekiston ta’lim tizimi yangi taraqqiyot bosqichiga dadil qadam qo‘yayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Qo‘qon universiteti esa bu yuksalish yo‘lida Prezidentimiz ilgari surgan barcha islohotlarni amaliyotga tatbiq etishga tayyor va sobitqadamdir.
G‘afurjon ZAXIDOV,
Qo‘qon universiteti direktori